Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Toshkent - Kam uglerodli transportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” loyihasiga start berildi

Chop etish Sahifani ulashish
29.09.2022 3130 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” qo‘shma loyihasiga start berildi.

 

Bugun poytaxtimizda tashkil etilgan tadbirda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev loyiha yuzasidan keng jamoatchilikka ma’lumot berdi.

 

Ushbu loyiha Global ekologik jamg‘armaning 3,57 mln AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘lari va BMT Taraqqiyot Dasturining 300 ming AQSh dollari miqdoridagi resurslari hisobiga moliyalashtiriladi.

 

Loyiha Transport vazirligi tomonidan, vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda 2022-2027 yillar davomida amalga oshiriladi. Loyihaning O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qo‘shma moliyalashtiriladigan qismi 25,57 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

 

Mazkur loyiha davomida Toshkent shahrining Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish, unda piyoda va velosiped yo‘laklari, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarni ko‘zda tutish orqali mazkur ko‘chada yashil shahar transport yo‘lagini tashkil etish rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, yashil shahar transport yo‘lagida elektrobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish, buning natijasida ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik ko‘rsatkichlarni yig‘ish va tahlil qilish hamda erishilgan natijalar asosida O‘zbekistonda elektrotransportni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va strategiyalarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, loyihaning ijobiy tajribasi asosida yashil shahar transport yo‘laklarini O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham joriy etish rejalashtirilmoqda.

 

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad transport orqali atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirish yo‘li bilan shaharlar va aholi yashash punktlarini inklyuziv, xavfsiz va barqaror bo‘lishini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga qarshi kurashishda shoshilinch choralarni ko‘rishdan iborat.