Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Mediatsiya: tushunchasi, maqsadi va mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati

Chop etish Sahifani ulashish
23.02.2021 5674 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligida vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlari ishtirokida “Mediatsiya – tushunchasi, maqsadi va prinsiplari” ga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga taklif etilgan Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Milliy ekspert Dilbaxor Yakubova mediatsiyaning kelib chiqishi, maqsadi, prinsiplari, afzalliklari va roliga bag‘ishlangan ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Bugungi kunda sudlarga kelib tushayotgan ishlar soni ortib borayotganligi sababli jamiyat nizolarni hal etishning muqobil usullarini qidirmoqda. Bunga jumladan, nizolarni hakamlik sudlari va tijorat arbitrajlari tomonidan hal etilishi kiradi. Nizolarni hal etishda oxirgi natijaga erishish usuli sifatida mediatsiyadan foydalanish ham katta ahamiyat kasb etmoqda.

“Mediatsiya taraflarning muammolarini kam vaqt va kam xarajat bilan hal qilish uchun imkoniyat yaratishi bilan ham ahamiyatlidir. Lekin bu narsani amalga oshirish uchun hozirgi vaqtda qator muammolar mavjud. Avvalambor, mediatsiya nimaligi va u o‘ziga xos samarali institut ekanligidan ko‘pchilikning xabari yo‘q”, - dedi D.Yakubova.

Mamlakatimizda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun 2019 yil boshida kuchga kirgan bo‘lib, agar bu usuldan keng foydalanilsa, bizda ham xorijiy davlatlardagi kabi nizolarning 80-90 foizini sudgacha yetib bormay hal qilish mumkin.

Ochiq, samimiy va rasmiyatchilikdan holi tarzda o‘tkazilgan davra suhbatida oila va mehnat nizolarida, har qanday darajadagi mulkiy munosabatlarda vujudga keluvchi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishda mediatsiya va uning tarkibiga kiradigan usullarning ahamiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olishdi.