Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Bokuda Turkiy Kengash doirasida transport sohasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan uch tomonlama maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
08.04.2021 4312 Yangiliklar

 

Kuni kecha Bokuda Turkiy Kengash doirasida transport sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha uch kunlik O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya maslahatlashuvlari yakunlandi.

Maslahatlashuvlarda O‘zbekiston va Ozarbayjon transport va bojxona idoralari delegatsiyalari hamda Turkiyaning xalqaro tashuvchilar assotsiatsiyasi (UND) ishtirok etdi.

Transport vazirligi, davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilar assotsiatsiyasi (AIRCUZ) vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasiga Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov rahbarlik qildi.

Tadbir Turkiy Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikning hozirgi holatini, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishining raqobatbardoshligini oshirish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, avtomobil transportida xalqaro tashuvlarni amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida tashkil etildi.

Delegatsiya maslahatlashuvlarida Ozarbayjon transport vaziri o‘rinbosari Raxman Xummatov, bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Javad Gasimov, iqtisodiyot vaziri maslahatchisi Emil Madjidov, "Ozarbayjon Kaspiy kemasozligi" AJ raisi Rauf Veliyev, Boku xalqaro dengiz savdo porti Bosh direktori Talex Ziyodov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiya vakillari, shuningdek, Alatdagi Boku xalqaro dengiz savdo portiga tashrif buyurdi. Mazkur port barcha Kaspiy bo‘yi mamlakatlari bilan dengiz savdosini qo‘llab-quvvatlagan holda Volga-Don va Volga-Boltiq kanallari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatini beradi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Turkiy Kengash bosh kotibining o‘rinbosarlari Mirvohid Azimov va Gismat Gozalov joriy yilning 31 - mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashning videoanjuman shaklida o‘tgan norasmiy sammitida Markaziy Osiyo hududi orqali dunyoning asosiy bozorlariga, jumladan, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Osiyoning boshqa mamlakatlariga, Ozarbayjon va Turkiyadan Yevropa davlatlariga chiqish muhimligini alohida ta’kidlaganini qayd etib o‘tishdi.

Shu nuqtai nazardan, bugungi muzokaralar davlat rahbarlarining transport yo‘laklarini rivojlantirish va logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlarining bajarilishiga xizmat qiladi.

Maslahatlashuvlar chog‘ida tomonlar Transkaspiy koridori orqali qulay shart-sharoitlar yaratish va yuklarni tashish hajmini oshirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, tomonlar Kaspiy dengizi orqali Ro-Ro usulida tashish, qo‘shimcha ruxsatnomalar berish, tranzit tashish to‘lovlarini o‘zaro bekor qilish, yo‘l va boshqa to‘lovlarni minimallashtirish bo‘yicha xizmatlar narxiga chegirmalar qo‘llash imkoniyatini muhokama qildilar.

Tadbir doirasida Ozarbayjon tomoni mamlakatda transport va tranzit operatsiyalarini optimallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuvlar natijasida tomonlar "e-TIR" pilot loyihasi ishtirokchilarini kengaytirish va Turkiy Kengashga a’zo mamlakatlar o‘rtasida "e-Permit" elektron tizimini joriy etish orqali yo‘l-transport tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdilar.

Delegatsiyalar, shuningdek, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida hukumatlararo bitim loyihasini muhokama qildilar va uning alohida qoidalari bo‘yicha umumiy tushunchaga erishdilar.