Eslatma: Sayt beta rejimida ishga tushirildi. Saytdan foydalanish paytida xatoliklar yuzaga kelishi mumkin.

Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport vaziri Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri bilan muzokara o‘tkazdi

Chop etish Sahifani ulashish
29.09.2022 1079 Yangiliklar

 

Bugun, 29 - sentabr kuni Transport vazirligida Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Muzokaralar davomida Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston o‘rtasida transport, xususan, havo transporti sohasida hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish va turizm yo‘nalishida aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

 

Transport vaziri Ilhom Mahkamov bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 17-19 avgust kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi davomida ikki mamlakat transport idoralari tomonidan fuqaro aviatsiya sohasida Anglashuv Memorandumi imzolanganligi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Mazkur tashrif davomida transport, xususan, havo transporti sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yanada kengaytirish, shaharlarimiz o‘rtasida muntazam aviareyslarni tashkillashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

 

Natijada bugungi kunda “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan “Toshkent-Jidda-Toshkent” yo‘nalishida haftasiga 7 marotaba aviareyslar bajarilmoqda. “Uzbekistan Airways” AJga Haj va umra safarlari doirasidagi mavjud reyslarda tijoriy yuk tashishni amalga oshirish huquqi taqdim etildi.

 

Tavfiq bin Favzon ar-Rabiya Saudiya Arabistoni aviakompaniyalari O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘ylab aviareyslar amalga oshirishda qulayliklarni yaratib berishda ko‘mak ko‘rsatilayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga alohida tashakkurini izhor etdi. Ayniqsa, “Flynas” aviakompaniyasiga O‘zbekiston shaharlariga parvozlar amalga oshirish huquqi berilishi natijasida “Jidda-Toshkent-Jidda” yo‘nalishida haftasiga 2 marotaba aviareyslar yo‘lga qo‘yilganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

 

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish, davlatlarimiz o‘rtasida keng qamrovli hamkorlikni mustahkamlash maqsadida kelgusida Saudiya Arabistoni aviakompaniyalarini “Ziyorat turizmi” dasturi doirasida tarixiy shaharlar, ya’ni Samarqand, Buxoro hamda Urganch shaharlariga muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

 

Muzokaralar davomida “Flynas” aviakompaniyasi bilan Saudiya Arabistonidan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo shaharlariga sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun yaratilgan imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishga kelishildi.

 

Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar yaqin muddatlar ichida yangilangan Havo bitimi qatnovi to‘g‘risidagi bitim loyihasini ishlab chiqishni yakunlab, uni imzolashga kelishib oldilar.