Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
16.05.2021 4706 Yangiliklar

 

Kecha Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri K.Rasulzodalar hamraisligida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki davlat yetakchilari o‘rtasidagi ochiq, ishonchli va konstruktiv muloqot ikki tomonlama munosabatlarni yangi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro tushunish muhitini mustahkamlashga zamin yaratgani ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilda Tojikiston Respublikasiga amlga oshiriladigan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish asnosida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildilar.

Muzokaralar chog‘ida savdo aylanmasini yanada ko‘paytirish, uning hajmini yaqin yillarda 1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha istiqbolli imkoniyatlar muhokama qilindi. Shu nuqtai nazardan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, tog‘ - kon va elektrotexnika sanoati, energetika va transport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda hududlararo aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avto va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish sohalarida qator investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunida uning davomida erishilgan muhim kelishuvlar va kelgusi ko‘pqirrali sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini aks ettiruvchi bayonnoma imzolandi. Shuningdek, O‘zbekistonga tashrif davomida Tojikiston delegatsiyasi bir qator sanoat korxonalari va obyektlarida bo‘ldi.