Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Toshkentagi yer usti halqa metro yo‘nalishining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
18.03.2021 5581 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi “Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasining 2-bosqich qurish ishlari davom ettirilmoqda.

Toshkent halqa yer usti metro yo‘lining 2-bosqichi Qo‘yliq bozoridan Toshkent shahrining Mirobod hamda Sergeli tumanidan o‘tgan Katta halqa yo‘li, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Xonobod ko‘chasi hamda Sergeli tumanining Qipchoq ko‘chasidan o‘tib, Sergeli liniyasining 5-bekatiga ulanadi hamda Yangi hayot tumaniga yetkaziladi. 15 kilometrlik umumiy uzunlikka ega ushbu uchastkada 9 ta bekat qurish rejalashtirilgan. E’tiborlisi, metroning 2-bosqichi 9-bekati Yangi hayot tumanidagi Ko‘p tarmoqli kasalxona, Toshkent metallurgiya zavodi hamda yaqin orada quriladigan va kelgusida 60 ming aholi istiqomat qilishi ko‘zda tutilgan mega loyiha – “Minerva City” hududiga yaqin joyda quriladi. Sababi ushbu hududda yangi ko‘p qavatli turar joylar quriladi hamda aholi tashrifi yanada ortadi. Metro bekati esa ushbu hudud aholisi va bu yerga tashrif buyuradigan yo‘lovchilar uchun muhim transport turiga aylanadi. 

Bugungi kunda loyihaning 2-bosqich qismida rejaga ko‘ra, 538ta ustundan 25tasi o‘rnatilib, ularga bosqichma-bosqich rigellar montaj qilinmoqda. Ushbu uchastkada loyihaga ko‘ra 3 ming 228ta balka o‘rnatish belgilangan bo‘lsa, hozirda ularning 129 tasi o‘rnatildi. Bugungi kunda Katta halqa yo‘li, Xonobod hamda Qipchoq ko‘chalarida yer usti metro uchastkasini qurish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Qo‘yliq hududidan Katta halqa yo‘li bo‘ylab qariyb 600 metr yo‘nalish bo‘ylab poydevor, ustun hamda rigellar va ularga 26 metrlik balkalar o‘rnatildi hamda beton ishlari tugatildi. Xonobod ko‘chasida esa poydevor, ustun va rigellarni o‘rnatish ishlari davom ettirilmoqda. Qipchoq ko‘chasida ham poydevorlar qazilib, ustunlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. 

Mazkur loyiha qurilish ishlariga 150dan ortiq texnika, mashina va mexanizmlar hamda 3 ming 500 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchi-xodim jalb qilingan. Ular texnika va mehnat muhofazasi hamda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilgan holda ish olib borishmoqda va kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlangan. Qurilish ob’yektiga zarur mahsulotlar ham o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. 

Shuningdek, qurilish texnikalari va avtotransport vositalarini saqlash va ta’mirlash uchun 2ta baza tashkil etilgan.  Yer  usti  halqa  metrosining qurilish  jarayonida  bajarilayotgan ishlar sifati bo‘yicha Davlat arxitektura va qurilishi nazorati inspeksiyasi hamda “O‘zdavtemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan muntazam nazorat olib borilmoqda.

Qurilish ishlari olib borilayotgan uchastka yo‘llarida muhandislik kommunikasiyalarini boshqa hududlarga ko‘chirish va ularni tarmoqlarga ulash, yo‘l-transport infratuzilmalari va avtomobil yo‘llarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra “Qo‘yliq – Qipchoq – Yangi hayot” uchastkasi doirasida qurilish maydonida mavjud suv, oqova, gaz tarmoqlari, turar va noturar binolar qurilish maydonidan boshqa hududga ko‘chirilmoqda.

“Qo‘yliq – Qipchoq – Yangi hayot” uchastkasi foydalanishga topshirilgach, bir kun davomida 46 ming yo‘lovchi tashilishi rejalashtirilgan. 700ga yaqin yangi ish o‘rni ham yaratiladi. Ayni paytda rejaga ko‘ra barcha qurilish ishlari belgilangan tarmoq jadvali asosida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz rejaga ko‘ra Toshkent halqa yer usti metropoliteni liniyasining umumiy uzunligi 54,8 kilometrdan iborat bo‘lib, mavjud O‘zbekiston, Sergeli, Chilonzor hamda Yunusobod yo‘nalishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanadi.

Eslatib o‘tamiz, temiryo‘lchilar tomonidan 2020 yilda yer osti Yunusobod liniyasining uzunligi 2,9 kilometr bo‘lgan “Turkiston” va “Yunusobod” metro bekatlari hamda yer usti halqa metro liniyasining 1-bosqichida 11,5 kilometr bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasi bunyod etilib, jami 7ta bekat foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda ushbu yo‘nalishdan kun davomida 15 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalanmoqda. Yil oxirida esa 5ta bekatdan iborat Sergeli liniyasi ham qurib bitkazildi va bugungi kunda ushbu yo‘nalishdan har kuni 20-25 ming yo‘lovchi o‘z manzillariga yetib borishlari uchun katta qulaylik va imkoniyat yaratildi. 2020 yilning dekabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan yer usti halqa metro liniyasining 2-bosqichida 15 kilometrlik “Qo‘yliq – Qipchoq – Yangi hayot” uchastkasida qurilish ishlari boshlangan edi. Ayni paytda ushbu uchastka hududlarida qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. 

 

Zafar MAXAMATOV,

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining

bosh menejer – bosh muhandisi