Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Senat Raisi boshchiligidagi Ishchi guruh Mirzo ulug‘bek tumanida bo‘ldi

Chop etish Sahifani ulashish
27.03.2021 4751 Yangiliklar

 

2021 - yil 26 - mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Ishchi guruh hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va aholi bilan bevosita muloqot qilish maqsadida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘ldi.

Dastavval tumandagi “Alisher Navoiy” MFY hududida joylashgan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyati bilan tanishildi. Taʼkidlash joizki, ilgari tashlandiq bo‘lgan mazkur hududda hozirda o‘quv markazi, mahalla kutubxonasi hamda ayollar uchun tikuvchilik o‘quv xonasi barpo etilgan.

O‘quv markazi bir vaqtning o‘zida 20 nafarga yaqin o‘quvchilarni sig‘dira oladi. Markaz zamonaviy kompyuter texnologiyalari va maxsus o‘quv jihozlari bilan taʼminlangan. Bu yerda turli soha mutaxassislari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dars o‘tishlari mumkin. Bundan tashqari, Markazda “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida tikuvchilik sexi tashkil etilgan bo‘lib, unda 5 ta zamonaviy tikuv mashinalari joylashtirilgan.

Eʼtiborlisi, mahalla xotin-qizlari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ular muntazam tikuvchilik bilan shug‘ullanishmoqda. Yaʼni mahalla fuqarolari uchun kundalik hayotda zarur bo‘ladigan maishiy xizmat ko‘rsatish markaziga aylantirilgan, desak mubolag‘a emas.

Yana bir jihat. Mahalla kutubxonasidan bugungi kunda 5 mingdan ortiq huquqiy, badiiy va jahon adabiyotiga doir kitoblar o‘rin olgan. O‘quvchilar uchun maxsus elektron kitoblar jamlanmasi ham mavjud. Shu bilan birga, markazda sartaroshxona va texnikalarni tuzatish ustaxonasi ham o‘rin olgan.

Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva shu yerning o‘zida xotin-qizlar bilan muloqot qilar ekan, tikuvchilik sir-sinoatlarini puxta egallashsa, bu kelajakda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yish uchun zamin bo‘lishini taʼkidladi.  Qolaversa, bu kabi markazlarni har bir mahallada joriy etish maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Shuningdek, aholi, xususan, xotin-qizlarning taklif va murojaatlarini eshitildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarni imtiyozli ravishda dori-darmon bilan taʼminlash, kredit mablag‘lari ajratilishi kabi masalalarda yordam so‘raldi. Ular shu joyning o‘zida nazoratga olinib, mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh aʼzolari tumanning “Chimyon” MFY hududida tashkil etilgan aholi uchun qulayliklarga ega alleyani ko‘zdan kechirdi.

Qayd etish joizki, hududda bugungi kunda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mahallaning asosiy ko‘p qatnovchi ko‘chasining oldingi holatiga ko‘ra piyodalar yo‘lagi mavjud bo‘lmagan. Ushbu ko‘chada joylashgan chiqindi yig‘ish shoxobchalari betartib joylashgan edi.

Hozirda mazkur joy aholi dam olish va hordiq chiqarish uchun ko‘rkam maskanga aylantirilmoqda. Yaʼni bolalar maydonchalari, avtoturargoh, keksalar uchun dam olish joylari, veloyo‘laklar, yangi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Ahamiyatlisi, hududdagi hech bir daraxtga ziyon yetkazilmaydi.

Bundan tashqari, Ishchi guruh aʼzolari tumandagi zamonaviy “Diagnostic ctyter” xususiy diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ushbu tibbiy muassasa tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan yoki sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan 120 nafarga yaqin xotin-qizlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, tegishliligi bo‘yicha maslahatlar berilgan. Bugun ham 20 nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun bepul tibbiy ko‘rik amalga oshirildi.

Senat Raisi T.Narbayeva bu yerda aholi, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ham tibbiy xizmat ko‘rsatish, xususan, onkologik kasalliklarning oldini olish maqsadida skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, ijtimoiy masʼuliyatni oshirish maqsadga muvofiqligini bildirdi.

Taʼkidlanishicha, mazkur muassasa tomonidan yaqin kunlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj yana 100 nafar xotin-qizlar skrining tekshiruvidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Navbatdagi manzil – “Hamid Olimjon” mahallasidagi ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida xususiy tadbirkor tomonidan tashkil etilgan “Aygul” MCHJ.

Mazkur tadbirkorlik subyektining asosiy yo‘nalishi tikuvchilik va bezak berish hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu markazda 12 nafar xodimga ish o‘rni yaratilgan.

Xususan, “Aygul” MCHJ korxonasi tomonidan xuddi shu manzildagi 3- va 4- uylarning yerto‘lasida ham o‘quv markazi, ofis va sport markazi, shirkat faoliyatlari yo‘lga qo‘yilgan. Eʼtiborlisi, umumiy hisobda uchta ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida 62 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Ishchi guruh aʼzolari tumandagi maxsus tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashi” faoliyati bilan tanishdi. “Ayollar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlash jarayonlarida kengashning o‘rni muhim sanaladi. Boisi, xotin-qizlarning muammolari alohida o‘zlari bilan suhbatlashgan holda o‘rganiladi. Psixologlar maslahatlari va muloqotlari tashkil etiladi.

Ushbu kengashda bugunga qadar 70 nafarga yaqin xotin-qizlar murojaat qilgan va ularning asosiy qismiga huquqiy maslahatlar berilgan. Psixologlar tomonidan maxsus seminarlar tashkil etilgan.

Senat Raisi ushbu kengash masʼullari bilan suhbatlasharkan, psixologlarni oilaviy munosabatlar bo‘yicha o‘qitish, ularning bilim va malakasini muntazam oshirib borish zarurligini taʼkidladi.

Bundan tashqari, parlament yuqori palatasi Raisi xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi deputatlari, tuman faollari, jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar bilan ishlash, bu jarayonda mahalliy Kengashlarning o‘rni, Kengashlar kotibiyatlari ish samaradorligini oshirish masalalariga urg‘u berildi. Qolaversa, 54 ta mahalla mavjud bo‘lgan ushbu tumanda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni deputatlik nazoratiga olish kabi jihatlarga urg‘u berildi. Mazkur masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, jamoatchilik vakillarining taklif va fikr-mulohazalari eshitildi.

 

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati