Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Pokiston bilan fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik aloqalari kengaytiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
24.03.2021 7347 Yangiliklar

 

Pokiston Islom Respublikasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi delegatsiyasining Pokistonga tashrifi davomida mamlakat federal aviatsiya vaziri G‘ulom Sarvar Xon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasi muhokama etildi.

Eslatib o‘tamiz, COVID-19 pandemiyasiga qadar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent-Lahor-Toshkent yo‘nalishida haftasiga ikki marotaba muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelayotgan edi.

Uchrashuvda parvozlar geografiyasini kengaytirish va O‘zbekiston aeroportlari jozibadorligini oshirish maqsadida Pokiston aviakompaniyalari havo kemalariga aeroportlarda yer usti xizmatlari ko‘rsatishning asosiy turlari bo‘yicha e’lon qilingan tariflarga nisbatan 30% gacha tabaqalashtirilgan chegirmalar berilishi, ziyorat turizmi yo‘nalishida bajarilayotgan parvozlarga esa 50% ga qadar chegirmalar berilishi, bundan tashqari Pokiston aviakompaniyalariga qulay bo‘lgan slotlar taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston tomonining yana bir muhim taklifi ya’ni, Pokiston havo kengligi hududi bo‘ylab, bevosita Afg‘oniston havo kengligi hududida davom etuvchi yangi havodagi harakatga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishini tashkil etish masalasi ham atroflicha muhokama etildi.

Shu bilan birga tashrif davomida Transport vazirligi havo transportini rivojlantirish departamenti rahbari Doniyor Djumaev Pokiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Aviatsiya boshqarmasi bosh kotibi Shavkat Alixon, Fuqaro aviatsiyasi departamentining aviatsiya vitse-marshali Muhammad Jamol Arshad hamda “PIA” aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar «Uzbekistan airways» va «PIA» aviakompaniyalari o‘rtasida kod-sher, interlayn va proreyt kelishuvlarini birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirishga kelishib oldi.