Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston “Shimol-Janub” yo‘nalishi bo‘ylab yangi multimodal transport yo‘lagini tashkil etmoqchi

Chop etish Sahifani ulashish
25.11.2022 3257 Yangiliklar

 

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani mustahkamlashda xalqaro transport koridorlari muhim ahamiyatga ega.

 

Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yuk tashish hajmining ortishi fonida xalqaro transport koridorlari, jumladan multimodal yo‘laklarning o‘tkazish qobiliyatini oshirish va faoliyatini barqarorlashtirish vazifasi bugungi kunda tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

 

Bangkokda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCATO)ning Transport bo‘yicha qo‘mitasi 7-yalpi majlisi doirasida “Shimol-Janub xalqaro transport koridori imkoniyatlar va muammolar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida xalaqaro transport koridorlarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot Strategiyasida mamlakatimiz tranzit imkoniyatlarini oshirish, tashqi savdo yuklarini tashish uchun “yashil yo‘laklar” yaratish hamda tranzit yuk tashish hajmini oshirish ustivor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.

 

Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalardan biri “Shimol-Janub” yo‘nalishi bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi orqali, shu jumladan Transafg‘on yo‘lagida multimodal yuk tashuvlarini rivojlantirish hisoblanadi.

 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikda yuklarni mavjud transport yo‘laklaridan, asosan dengiz yo‘nalishlaridan yangi qisqa yo‘nalishlarga, xususan, O‘zbekiston hududi orqali o‘tishga yo‘naltirish bo‘yicha qator takliflarni ishlab chiqdi.

 

Tadbirda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov bu to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

 

“Shimol-Janub” koridorining Sharqiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l yo‘nalishiga muqobil transport yo‘lagi sifatida Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston hamda Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal transport koridorlarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqildi.

 

Taklif etilayotgan transport yo‘laklarining masofasi 1,5–2 baravarga qisqaroq ekanligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu multimodal transport koridorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hozirda muzokaralar olib borilmoqda.

 

Mazkur yangi multimodal transport koridorlarining ishga tushirilishi transport-logistika jarayonlari samaradorligini oshiradi. Qolaversa, Markaziy Osiyo mintaqasi orqali Yevroosiyo davlatlarining yirik savdo bozorlari o‘rtasida ko‘rsatilayotgan transport-logistika xizmatlari eksportini hamda tovarlarni mijozga yetkazib berish tezligini oshirishga xizmat qiladi.