Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Milliy tashuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
22.05.2024 780 Yangiliklar

Bugun, 22-may kuni Transport vazirligida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi milliy tashuvchilar va ekspeditor kompaniyalari rahbarlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari M.Omarov rahbarligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi, transport vazirligi hududiy boshqarmalari mutasaddilari hamda respublikamizning barcha viloyatlaridan 100 dan ortiq korxona vakillari ishtirok etishdi.

 

Uchrashuv davomida xalqaro yuk tashuvlari jarayonida milliy tashuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatida duch kelayotgan muammolar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

 

Xususan, xalqaro tashuvlarda bugungi kunda shakllanayotgan narx-navolarga oid muammoli masalalar, ushbu vaziyatning vujudga kelishiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar muhokama etildi. Korxona rahbarlarining mazkur vaziyat yuzasidan fikr va mulohazalari atroflicha tinglandi.

 

Jumladan, xalqaro yuk tashuvlari bozorida noqonuniy asosda dispetcherlik xizmatlari faoliyati bilan shug‘ullanish holatlarining oldini olish, mahsulotlarni eksport qilishda avtomobil transportida tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish amaliyotini faqatgina O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan milliy transport korxonalariga taqdim etilishini ta’minlash,  ayrim xorijiy mamlakatlardagi yig‘im va to‘lovlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

 

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalarni o‘rganish va avtomobil tashuvlarini yanada rivojlantirish hamda mavjud muammolar yechimi yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.

 

Xususan, bildirilgan takliflar va muammolarni guruhlarga bo‘lgan holda ularning yechimi yuzasidan tezkor chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadida Transport vazirligi boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida shtab tuzishga kelishildi.