Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati tushuntirildi

Chop etish Sahifani ulashish
24.03.2023 2081 Yangiliklar


Transport vazirligida “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam!” deb nomlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot uchrashuvi tashkil etildi.

 

Videokonferentsaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi.

 

Tadbirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi. Jumladan, Qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaning moddalari 128 tadan 155 taga, uning normalari esa 275 tadan 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni Konstitutsiya qariyb 65 foizga yangilangani, amaldagi 128 ta moddadan 91 tasiga kontseptual o‘zgartirishlar kiritilgani ta’kidlab o‘tildi.

 

Ushbu o‘zgartirishlarning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

 

Tadbirda ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Jahongir Shirinov Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati yuzasidan ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berdi.

 

- Bosh qomusimizga kiritilayotgan barcha o‘zgartishlarning negizida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganligini ko‘rishimiz mumkin. Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning asl mohiyati ham shu aslida. Chunki xalqimiz hozirgi tarixiy islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘la anglab etmoqda. Xalq fikrini o‘rganish asosida mamlakat konstitutsiyasini takomillashtirish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, O‘zbekistonning dunyodagi eng ilg‘or davlatlari qatoriga kirishiga ulkan imkoniyatlar yaratadi, - dedi Jahongir Shirinov.

 

Uchrashuvda so‘z olgan ma’ruzachilar ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob qaytarar ekanlar, Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan o‘rin olgan ko‘plab yangi modda va normalarga batafsil izoh va tushuntirishlar berib o‘tishdi.