Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston “Mozori-Sharif - Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish bo‘yicha kelishib oldi

Chop etish Sahifani ulashish
02.02.2021 5303 Yangiliklar

 

Bugun Toshkentda Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston delegatsiyalari hamda xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirokida yuqori darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yirik tadbirda tomonlar “Mozori-Sharif - Kobul – Peshovar” transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar, Pokiston Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud qutlov so‘zlari bilan chiqish qildi.

Videokonferensaloqa orqali so‘z olgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (AQSH) kabi yirik xalqaro moliya institutlarining rahbarlari yirik loyiha qurilishini qo‘llab-quvvatladi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar ushbu uchrashuv Osiyo qit’asida mintaqaviy integratsiyaning boshlang‘ich nuqtasiga aylanishini ta’kidladi.

“Mozori-Sharif - Kobul – Peshovar” temir yo‘lining qurilishi mamlakatlarimiz hayotidagi muhim voqeadir, - dedi o‘z so‘zida vazir. - Afg‘oniston mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liklikni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Mintaqadagi barqarorlik va xavfsizlikka hissa qo‘shadigan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish tarafdorimiz. Shuningdek, mintaqaviy inklyuzivlik va siyosiy barqarorlikni ta’minlash uchun Jahon savdo tashkiloti qoidalariga rioya qilamiz».

Pokiston Bosh vazirining savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud o‘z so‘zida mintaqaviy hamkorlik mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Mintaqadagi transportga oid o‘zaro bog‘liklik barcha manfaatdor tomonlarning manfaatlarini ta’minlaydi. Loyihani amalga oshirish yuk tashishda xarajatlarni kamaytiradi, tovarlarni jo‘natish va qabul qilish muddatlarini qisqartiradi.

“Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ulkan savdo imkoniyatlarini ochish uchun noyob geografik joylashuvimizdan foydalanish vaqti keldi, - dedi Abdul Razzoq Dovud. – O‘z navbatida, Pokiston mamlakatlarimizni o‘zaro jipslashtiradigan ushbu loyihani amalga oshirishga to‘liq sodiqligini bildiradi. Mazkur yo‘nalishda butun kuchimizni sarflab hamda xalqaro moliya institutlarining yordami bilan astoydil harakat qilishimiz kerak, deb hisoblayman”.

O‘tkazilgan uch tomonlama muzokaralar natijalariga ko‘ra delegatsiyalar rahbarlari “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ("Yo‘l xaritasi") imzoladi.