Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Toshkentda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
02.11.2023 1852 Yangiliklar

Yig‘ilishda savdo va transport kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish,  mintaqada mavjud transport yo‘laklarini rivojlantirish,  ulardan samarali foydalanish va yangilarini yaratish, O‘zbekiston va xorijiy sheriklar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

 

IHT transport vazirlarining 12-yig‘ilishi ishtirokchilari tashkilotning transport va logistika sohasidagi salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotganini ta’kidladi.

 

Yig‘ilganlarning fikricha, hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun hududlararo tranzit uzellarini yaratish, transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit tariflarini optimallashtirish, xalqaro yuk tashish uchun shart-sharoitlarni osonlashtirish va transport xizmatlarini raqamlashtirish masalalariga yechim topish zarur.

 

O‘z navbatida, yuqoridagi rejalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilxom Maxkamov quyidagilarni taklif qildi:

 

- IHTning transport sohasida o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy transport yo‘laklarini rivojlantirish;

 

- Samarqand aeroportiga ishtirokchi davlatlar oʻrtasida turizmni rivojlantirish boʻyicha IHTning mintaqaviy aviatsiya xabi maqomini berish;

 

- IHT mamlakatlari orqali yuklarning tranzit tashuvlarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash va tashish jarayonini osonlashtirish;

 

- E-ruxsat, E-TIR, E-Tranzit kabi loyihalar orqali tovarlar va jo‘natish hujjatlarini bojxona rasmiylashtiruvi tartib-qoidalari raqamlashtirilishini amalga oshirishni jadallashtirish.

 

So‘z yakunida O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri IHTga a’zo mamlakatlarning transport sohasida hamjihatligi, shubhasiz, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlashning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

 

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti transport vazirlarining 12-yig‘ilishi yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi

 

Toshkent deklaratsiyasi tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida yuk tashuvlari jarayonlarini yanada soddalashtirish, mamlakatlar tranzit salohiyatini oshirish, muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish kabi masalalarni o‘z ichiga olgan.

 

Qadimiy Samarqandning turizm salohiyatini inobatga olgan holda Samarqand aeroportiga IHT davlatlari aviatsiya xabi maqomini berish taklifi ishtirokchi mamlakatlar tomonidan ma’qullandi.

 

O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport yo‘lagini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishtirokchi mamlakatlar transport vazirlari darajasida hujjat imzolandi.