Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Samarqand transport tizimini yaxshilash Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
05.02.2021 5216 Yangiliklar

 

2020- yil 30 - noyabrda davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan videoselektorda hududlarda jamoat transportini rivojlantirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi. Jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda Samarqand shahri transport tizimini tubdan isloh qilish borasida master-reja ishlab chiqish hamda tatbiq etish Transport vazirligi va viloyat hokimligi zimmasiga yuklatilgandi. Berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda viloyat hokimligining ishchi guruhi tuzilib, chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan.

Hozirda xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda, ya’ni “SIMETRA” (“А+С Транспроект” ООО) xorijiy kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand shahri transport master rejasini ishlab chiqish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu rejani jamoatchilikka tanishtirish hamda aholining fikrini bilish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Shu maqsadda tegishli idora va tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirokida loyiha doirasida dastlabki fikrlar almashinuv jarayoni tashkil etildi. Unda “SIMETRA” (“А+С Транспроект” ООО) kompaniyasi hozirgi qadar amalga oshirgan loyihalari bilan bir qatorda Samarqand shahri uchun ishlab chiqilayotgan loyiha haqida so‘z bordi.

Loyiha doirasida Samarqand shahar aglomeratsiyasida barcha transport turlari uchun strategik rivojlanish rejasi, transport infratuzilmasini (shu jumladan aqlli transport tizimini) kompleks rivojlantirish, shuningdek, yo‘lovchi, piyodalar va veloyo‘lakchalar, jamoat va yuk tashish infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan oltita kichik dastur amalga oshiriladi.

– Samarqand tarixiy shahar bo‘lgani uchun ham tuzilayotgan loyihalarimiz boshqalardan butunlay farq qiladi, – deydi «SIMETRA» kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Kristian Byottger. – Qadim shahar jamoat transporti tubdan o‘zgarishi kerak. Turli davlatlardan kelayotgan sayyohlarga zamonaviy xizmat turlari tashkil etilmoqda. Jumladan, yo‘lovchi tashish xizmati ham shunga mos bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Jamoatchilik fikrini o‘rganib har tomonlama puxta o‘ylab, joriy yilning 1- sentyabrgacha rejamizni tayyorlaymiz.

Zamonaviy transport tizimining paydo bo‘lishi shaharga yanada jozibadorlik bag‘ishlashi bilan birgalikda aholi uchun qulaylik yaratadi.