Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Rivojlangan transport yo‘laklari iqtisodiy yuksalishning muhim omili

Chop etish Sahifani ulashish
03.03.2021 5217 Yangiliklar

 

Poytaxtimizda 2 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasining transport diplomatiyasi: mintaqaviy hamkorlikning xalqaro-huquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda vazirlik va idoralar, xalqaro avtomobilda yuk tashuvchilar uyushmasi hamda yuk tashuvchi kompaniyalar vakillari, soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Davra suhbatida yuk tashish sohasida mintaqaviy hamkorlik holati, sohadagi mavjud muammolar, ularni hal etish yo‘llari muhokama qilindi.

Transport yo‘laklari xoh havo yo‘li, dengiz yo quruqlikda bo‘lsin, mamlakatlar taraqqiyoti uchun juda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, qadimdan mamlakatlar savdo aloqalarini rivojlantirishga harakat qilgan. Bu nafaqat mamlakat iqtisodiyotining yuksalishiga, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlik va madaniy-gumanitar aloqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shgan, turli ellarni bir-biriga yaqinlashtirgan.

O‘zbekiston jug‘rofiy joylashuvi tufayli dengiz yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqolmaydi. Bitta mamlakat hududi orqali dengiz yo‘llariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan davlatlar dunyoda 40 dan ziyod bo‘lsa, ikkita mamlakat hududi orqali chiqadigan mamlakatlar atigi ikkita – Lixtenshteyn va O‘zbekistondir.

Shunga qaramay, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan O‘zbekistonning tashqi siyosati yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bilan turli sohada, jumladan, savdo yo‘nalishida ham aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilmoqda. Xususan, bir vaqtlar mamlakatimizning jahon bozoriga chiqishi uchun atigi uchta transport yo‘lagi bo‘lgan bo‘lsa, hozir bunday yo‘laklar sakkiztaga yetgan.

– O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mana shunday tashabbus bilan chiqqani, shunday dolzarb masalani kun tartibiga qo‘yganidan xursandman, — dedi Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne O‘zA muxbiriga bergan intervyusida. 

— Mintaqaviy savdo aloqalari O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. Zero, ushbu munosabatlarni rivojlantirish nafaqat bitta mamlakat, balki butun mintaqa iqtisodiyoti barqarorligi kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Bu kabi tashabbuslarning muhimligini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat misolida ko‘rishimiz mumkin. 

Ayniqsa, tashqi siyosat yo‘nalishida O‘zbekiston qo‘shnilariga ham tinchlik, ham ko‘p tomonlama manfaat keltiruvchi munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatdi. Xususan, Afg‘onistonning tinchlik asosida rivojlanishiga O‘zbekistonning qo‘shayotgan hissasi juda katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.

Tadbirda xalqaro yuk tashishda elektron tizimning afzalliklari qayd etildi. O‘zbekiston bunday tizimni joriy etishda Markaziy Osiyoda ilg‘or mamlakatlardan biridir. Shuningdek, yangi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro kelishuvlarni amalga oshirish, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy mamlakatlarga tashish va qayta ishlash uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha fikr almashildi.