Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yangi havo yo‘lagi ochilishi kutilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
20.01.2024 1110 Yangiliklar

Transport vazirligi delegatsiyasi Xitoy fuqaro aviatsiyasi maʼmuriyati huzuridagi Havodagi harakatni boshqarish byurosi (ATMB) rahbariyati bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda havo transporti va aeronavigatsiya sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama etildi. Tomonlar mintaqaviy yo‘nalishlar tarmog‘i va aeronavigatsiya xizmatlarini kengaytirish doirasida «O‘zaeronavigatsiya» markazi DUK tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston va Xitoyni o‘zaro bog‘lovchi yangi havo yo‘lagini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashdi.

 

Xitoy tomoni yangi havo yo‘lagini amaliyotga tatbiq qilish uchun kerakli jarayonlarni boshlashga tayyorligini bildirdi. Ushbu yangi ishlab chiqilgan havo yo‘lagi parvoz vaqtini qisqartirish hamda iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi bilan ahamiyatlidir.

 

Ayni vaqtda yangi havo trassasi xalqaro normalarga muvofiq ushbu havo yo‘lagi o‘tuvchi qo‘shni mamlakatlar bilan kelishuv jarayonida. Xitoy Xalq Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq mamlakatning ichki kelishuv jarayonlari yakunlangach joriy yilning aprel oyida Pekinda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ikkinchi raund muzokaralar davomida ushbu masalada tegishli kelishuv imzolanishi kutilmoqda.