Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimi yo‘lga qo‘yilganlik holati qanday?

Chop etish Sahifani ulashish
18.11.2022 2487 Yangiliklar

 

2022 - yil 17 - noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimi yo‘lga qo‘yilganlik holati va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

 

Unda quyi palata deputatlari, Transport vazirligi mutasaddilari, vazirlikning hududiy boshqarmalari, “Uzbekistan Airways” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

 

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yo‘lovchi tashish transporti tizimini rivojlanish sohasida Transport vazirligi tomonidan qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, avtomobil transportida yo‘lovchi tashuvchi 3502 ta tadbirkorlik subyektlari va 32976 ta jismoniy shaxslar tomonidan jami 110808 ta avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashish xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.

 

Hozirgi kunda respublika bo‘yicha aholining o‘rtacha 22 foizi, (Toshkent shahrida 33 foiz) jamoat transportidan foydalanyapti. Jumladan, respublikada yo‘lga qo‘yilgan 3447 ta yo‘nalishlarning 1172 tasida avtobus, 305 tasida mikroavtobus, 1970 tasida esa “Damas” avtomobillari qatnovi amalga oshirilayotir.

 

Transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida 112 ta investitsiya loyiha doirasida 522,2 mln. AQSh dollar mablag‘ o‘zlashtirilmoqda. Joriy yilning yanvar-sentabr oylari yakuni bilan hududlarda respublika bo‘yicha 586 ta yangi avtobus va mikroavtobuslar xarid qilinib, yo‘lovchi tashish yo‘nalishlariga joylashtirildi.

 

Shu davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 15 ta, Buxoroda 2, Navoiyda 3, Namanganda 5, Samarqandda 5, Surxondaryoda 1, Sirdaryoda 4, Farg‘onada 4, Xorazmda 2, Toshkent viloyatida 12 ta va Toshkent shahrida ham 12 ta yangi ichki avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi.

 

Shuningdek, Buxoro viloyatining Olot va Buxoro tumanlarida 2 ta yangi zamonaviy oxirgi to‘xtash bekatlari qurilib, yo‘lovchilar uchun foydalanishga topshirildi. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan qurilgan 2 ta avtostantsiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

 

Aholiga jamoat transporti xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan tashuvchilarning tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa yanvar-sentabr oylarida hududlarda norentabel bo‘lgan shahar atrofi va viloyat ichi shaharlararo avtobus yo‘nalishlarida ko‘rgan zararlari o‘rnini qoplash uchun mahalliy byudjet mablag‘laridan 4 610,0 mln, shahar yo‘nalishlarida fuqarolarning ayrim toifalarini bepul tashilishi natijasida ko‘rilgan zararlarni o‘rnini qoplash uchun 4 802,2 mln. so‘m subsidiyalar ajratildi.

 

Bugungi kunda “Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi operatori” MChJ tomonidan dastlab viloyat markazlaridagi Guliston, Qarshi, Urganch, Nukus, Samarqand, Andijon shaharlaridagi avtobus va mikroavtobuslariga 686 ta validator va 44 ta mobil validatorlar o‘rnatilib, avtomatlashtirilgan to‘lov tizimiga o‘tkazilgan. Yil yakuniga qadar qolgan viloyat markazlaridagi avtobus va mikroavtobuslarga bosqichma-bosqich tadbiq etiladi.

 

Seminarda joriy yil yakuniga qadar esa o‘z yechimini kutayotgan qator ishlar amalga oshirilishi, xususan, 85 dona o‘rta sig‘imli “SAZ LE-60” rusumli va 190 dona katta sig‘imli “MAN” rusumli avtobuslar xarid qilish, 17 ta yer usti jamoat transportining yangi yo‘nalishlarini joriy etish hamda 50 ta tirband chorrahalarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish belgilanayotgani haqida ham ma’lumot berildi.

 

Shu bilan birga, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ijrosi yuzasidan qo‘shni davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan turistik avtobuslar qatnovini joriy etish nazarda tutilgan. Bu borada joriy yilda qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar olib borish, muzokaralarning ijobiy natijasiga ko‘ra, mamlakatimiz tomonidan bajariladigan choralar uchun tarmoq jadval ishlab chiqish maqsad qilingan.

 

Yil yakuniga qadar esa qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bog‘laydigan jami 200 ta yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish belgilangan. Qolaversa, xalqaro avtobus yo‘nalishlarini qayta tiklash bo‘yicha O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “Samarqand — Irgeli” va “Yangiyo‘l — Irgeli” yangi muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishi ochish nazarda tutilgan. O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida “Yangier — Shaxriston” yangi muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishini ochish rejalashtirilgan.

 

Tadbir davomida amalga oshirilgan ishlar e’tirof etilib, mavjud kamchilik va muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan o‘rtaga tashlangan barcha savollarga mutasaddilardan atroflicha javoblar olindi.

 

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.