Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Avtomobilda xalqaro tashuvlar masalalari bo‘yicha O‘zbek – Belarus qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
04.03.2021 4081 Yangiliklar

 


Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Belarus Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sergey Dubina bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida avtomobil transporti tashuvlari sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etishdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, 2019 – 2020 - yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasidagi aloqalar yuzasidan ma’lumot almashdilar. Vazir o‘rinbosarlari avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida O‘zbekiston – Belarus munosabatlarining jadal rivojlanib borayotganligini ta’kidlab o‘tishdi. Shu bilan birga mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikning hozirgi holatini yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud ekanligini qayd etib o‘tishdi.

Aynan shu jihatni inobatga olgan holda tomonlar avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratilgan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Belаrus tomoniga o‘zbekistonlik avtotashuvchilarga nisbatan tekshiruv ishlari tez-tez o‘tkazilayotgani holatlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan batafsil ma’lumot olish bo‘yicha yordam berishni so‘rab murojaat etdi.

Belarus Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sergey Dubina ushbu masalani bojxona organlari bilan birgalikda batafsil o‘rganib, bu haqda to‘liq ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qildi.

Uchrashuvda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini Belarus Respublikasida o‘tkazishga kelishib olishdi.