Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi

Chop etish Sahifani ulashish
25.07.2022 3014 Yangiliklar

 

25-26 iyul kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Afg‘oniston: Xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Poytaxtimizda ilk bor Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa, Amerika, Yaqin va O‘rta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalarining Afg‘onistonda barqarorlikni taklashga bevosita jalb etilgan 20 dan ortiq davlatning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari, o‘nlab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT, Yevropa Ittifoqi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek, Afg‘oniston Muvaqqat hukumati delegatsiyasi bir maydonda jam bo‘ladi.

Shu bilan birga forumda mahalliy ekspertlar, olim va tadqiqotchilar, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya, Aqsh, Eron, Pokiston, Hindiston va Belgiyadan yetakchi tahliliy markazlar rahbarlari va ekspertlari ishtirok etadi. Xususan, taklif etilgan “aql markazlari” orasida “Observer Research Foundation”, Mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti (Hindiston), Global va strategik tadqiqotlar markazi, Islomobod siyosiy tadqiqotlar instituti (Pokiston), Jons Xopkins nomidagi Markaziy Osiyo va Kavkazni o‘rganish instituti (AQSH), Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari huzuridagi strategik tadqiqot institutlari va boshqa shu kabi tuzilmalar ham bor.

Ushbu yangi format konstruktiv munozara yuritish uchun shart-sharoit yaratish va Afg‘onistonning yangi hokimiyati bilan pragmatik muloqot o‘rnatish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlar ishlab chiqishga qaratilgan. Muloqot davomida asosiy e’tibor Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tomonidan jahon hamjamiyatining quyidagi asosiy talablari bajarilishiga qaratiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad afg‘on zamini xalqaro terrorchi tashkilotlarning doimiy boshpanasiga aylanishiga, mamlakat hududini qo‘shni va dunyoning boshqa davlatlari xavfsizligiga taxdid solishda foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, mamlakatda umummilliy yarashuvning asosiy sharti sifatida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari vakillaridan iborat hukumatni shakllantirish, insonlar, ayniqsa, ayollar va barcha etnik-diniy guruhlar huquq va erkinligini ta’minlashdan iborat.

Bundan tashqari, Anjumanda Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklash, afg‘on xalqining hozirgi va kelgusi avlodlari uchun uzoq kutilgan tinch hayotni ta’minlashga qaratilgan infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Shunday qilib, konferensiya doirasida parallel tarzda ikki tadbir bo‘lib o‘tadi - “Gumanitar taraqqiyot - Afg‘onistonning tinch kelajagiga yo‘l”, “Iqtisodiyotning tiklanishi - Afg‘onistonda mustahkam tinchlik asosi”. Ushbu tadbirlar doirasida quyidagi gumanitar va infratuzilma loyihalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkaziladi:

– “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishi;

– “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini yotqizish;

– gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika markazi;

– Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi faoliyati.

Umuman, konferensiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda xavfsizlik, tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash hamda Afg‘onistonni terrorizm va urushdan xoli tinch, farovon mamlakatga aylantirish yo‘lida olib borayotgan izchil sa’y-harakatlarining tarkibiy qismidir.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yil 11-iyulda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasida Afg‘onistonning xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashdagi alohida ahamiyati qayd etilgan. Mazkur konferensiyaning yakuniy natijasi sifatida davlatimiz rahbarining ushbu muhim tashabbusi hayotga tatbiq etilishi kutilmoqda.