Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

2020-2021-yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Chop etish Sahifani ulashish
10.08.2020 5403 Yangiliklar

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Fargʻona viloyati Soʻx tumanining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiyalash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish, sanoat salohiyatini yana-da oshirish, qishloq xoʻjaligi, servis va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish hisobiga tuman aholisining turmush darajasini yaxshilash maqsadida:

1. 2020-2021 yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Quyidagilar Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yoʻnalishlari etib belgilansin:

zamonaviy raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni tashkil etish va ularni ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, xizmatlar sohasini rivojlantirish, tadbirkorlikni yana-da qoʻllab-quvvatlash;

qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish, sohada foydalanilmayotgan va foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni oʻzlashtirish, irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish, chorvachilik, shu jumladan, parrandachilik va baliqchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish;

yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga, aholining uy-joy maishiy sharoitlarini yaxshilashga, sogʻlomlashtirish va madaniy hordiq chiqarishini tashkillashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, tuman markazini obodonlashtirish;

taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot sohasi va pedagog xodimlarning mehnatini yana-da ragʻbatlantirish, tumanda oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish, taʼlim va tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish;

aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish, ularning ish bilan bandligini taʼminlash.

3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Dasturni amalga oshirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda Dasturning maqsadli parametrlari va moliyalashtirish manbalari asosida 2020-2021 yillarda Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturini tasdiqlasin.

4. 2020-2021 yillarda Fargʻona viloyatining Soʻx tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish boʻyicha respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda – Respublika ishchi guruhi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:

mutasaddi rahbarlar ishtirokida Dastur doirasida amalga oshirilayotgan har bir loyihaning oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash;

Dasturga kiritilgan loyihalarning bajarilishini muntazam ravishda har oyda bir marta Soʻx tumanida, har chorakda bir marta respublika darajasida muhokama qilib borish va muammoli loyihalar yechimi yuzasidan zarur va tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish;

Dastur doirasida belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi monitoringini olib borish, loyihalarning oʻz muddatida va sifatli bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni bartaraf etish yuzasidan tezkor va amaliy choralar koʻrish;

tumandagi kambagʻallikka oid real ahvolni oʻrganish, kambagʻallikni qisqartirish va bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilash.

5. Fargʻona viloyatining Soʻx tumanida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoyalash maqsadida:

a) 2020-yilda jismoniy shaxslar yer soligʻi va mol-mulk soligʻini toʻlashdan ozod etilsin;

b) joriy yil 1-avgustdan boshlab 2021-yil 31-iyulga qadar:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi amaldagi qatʼiy belgilangan soliq stavkasining 50 foizi miqdorida belgilansin;

alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasini olish uchun yigʻimni toʻlashdan ozod qilinsin.

6. Tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida kredit foiz stavkasining 10 foizli punktidan yuqori boʻlgan qismini, biroq Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdorini Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilsin.

7. Moliya vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda Soʻx tumani aholisiga yangi uy-joy qurishlari uchun ipoteka kreditlari ajratilishini taʼminlasin.

8. Fargʻona viloyatining Soʻx tumani hokimiga Fargʻona viloyati hokimligi bilan kelishgan holda 2022-yil 1-yanvarga qadar tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalar uchun, istisno tariqasida, sugʻoriladigan yer maydonlaridan tashqari yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish huquqi berilsin.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda tumandagi sogʻliqni saqlash muassasalariga yuqori malakali mutaxassislarni ishga jalb qilsin.

10. Belgilansinki:

Soʻx tumanida joylashgan tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlarning lavozim maoshlariga sohadagi ish stajining birinchi uch yili uchun tarif stavkasiga nisbatan 40 foiz va har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 15 foiz miqdorda, ustamaning eng koʻp miqdori 100 foiz oʻrnatiladi;

Soʻx tumanida joylashgan tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlarning lavozim maoshlariga oylik qoʻshimcha ustamalar, ijtimoiy nafaqalar hamda Soʻx tumani mahalliy byudjetining soliqlardan berilgan imtiyozlari hisobiga vujudga kelgan yoʻqotishlari joriy yilda Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.

11. Tashqi ishlar vazirligi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda Qirgʻiziston Respublikasi havo hududidan foydalanish masalasini hal etsin.

Transport vazirligi Qirgʻiziston Respublikasi havo hududidan foydalanish masalasi toʻliq hal etilgandan keyin bir hafta muddatda Fargʻona shahridan Soʻx tumaniga kichik aviatsiya transporti orqali aholiga maqbul narxlarda qatnovlar yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin.

Fargʻona viloyati hokimligi bir oy muddatda Soʻx tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qoʻnish maydonchalarini tashkil etsin.

Moliya vazirligi Fargʻona shahridan Soʻx tumaniga kichik aviatsiya transporti qatnovi boʻyicha koʻrilgan zararlarni qoplash uchun kompensatsiya toʻlovlarini joriy yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan qoplanishini va kelgusi yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.

12. Fargʻona viloyati hokimligi:

Soʻx tumani aholisi uchun Fargʻona viloyatining Yozyovon, Qoʻshtepa, Bagʻdod, Rishton va Buvayda tumanlari hududida dehqonchilik qilish uchun ekin yer maydoni va ipoteka kreditlari asosida kvartiralar ajratsin;

Fargʻona viloyati hududida markazlashtirilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlariga, shuningdek, sanoat korxonalarida yangi tashkil etilayotgan ish oʻrinlariga Soʻx tumani aholisini keng jalb qilsin;

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Soʻx tumanining ish bilan bandligi taʼminlanmagan aholining bir qismini Toshkent shahrida yirik obyektlarda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlariga tizimli ravishda jalb qilinishini taʼminlasin.

13. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi belgilangan tartibda Dastur doirasida qurilish materiallari va boshqa sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar hamda yer osti ichimlik suvi manbalari boʻyicha tegishli xulosalar berilishini taʼminlasin.

14. Energetika vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi bilan birgalikda aholini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan taʼminlash boʻyicha muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, Dastur doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari asosida ishlab chiqarish korxonalarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga oʻz vaqtida ulanishini hamda ularga mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, talab etiladigan tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.

15. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi markazlashgan manbalar hisobiga Dasturning 2020-yilda amalga oshiriladigan loyihalarini 2020-2022 yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturining 2020-yil uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida amalga oshirsin va keyingi yillar uchun belgilangan tadbirlarning asosiy koʻrsatkichlarini aniqlashtirib va yangilab borgan holda, kelgusi yillar Investitsiya dasturini shakllantirishda koʻzda tutsin.

16. Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga – mazkur qarorning ijrosini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishga masʼul vazirlik va idoralarning samarali faoliyatini tashkil etish hamda muvofiqlashtirish, aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A.Qoʻchqorov zimmasiga – ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Davlat byudjetidan zarur mablagʻlarni oʻz vaqtida ajratish va boshqa moliyaviy resurslarni jalb qilish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U.Umurzakov zimmasiga –tumanda investitsiya muhitini yaxshilash, investorlar hamda investitsiyalarni, ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish hamda tumanning eksport salohiyatini oshirish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga – tumanda qishloq xoʻjaligi yerlaridan samarali foydalanish, foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni oʻzlashtirish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik hamda qayta ishlash sohasini rivojlantirish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A.Musayev zimmasiga – tumanda ijtimoiy sohada kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirish, ijtimoiy infratuzilma obyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                    Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2020-yil 8-avgust